Temuriy mirzolarning adabiy shaxsiyatini o‘rganishda manbalarning o‘rni

Authors

  • Otabek Jo‘raboyev

Keywords:

Temuriylar, adabiy shaxsiyat, manba, matn, devon, tazkira, shoir

Abstract

Adabiy shaxsiyat tushunchasi har kishiga xos bo‘lgan shaxsiyatdan
farq qilib, adabiy va madaniy birikimdagi ijodkorning borlig‘ini ifoda
etadi. Shu ma’noda, XV asr hukmdorlari va ayni damda madaniy auradagi
yetakchilar bo‘lgan temuriy mirzolar o‘z davrining adabiyot ahli yoki
adabiyot namoyondalari sifatida manbalarda zikr etiladi. Bu borada
Alisher Navoiyning “Majolis-un-nafois”, Davlatshoh Samarqandiyning
“Tazkirat-ush-shuaro”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Vaqoye’”
(“Boburnoma”), G‘iyosiddin Xondamirning “Habib-us-siyar”, Muhammad
Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Faxriy Hiraviyning “Ravzat-ussalotin”, Zayniddin Vosifiyning “Badoe’-ul-vaqoe’”, Hasanxoja Nisoriyning
“Muzakkir-ul-as’hob” asarlarini sanash mumkin.
Tarixda she’r yozgan yoki boshqa ijod turi bilan shug‘ullangan
hukmdorlar ko‘p o‘tgan. Biroq bir shajaradan so‘z san’atiga hissa qo‘shgan
butun boshli avlodning yetishib chiqishi kamyob hodisa. Bu borada
temuriyzodalarning adabiyot bilan shug‘ullanganlari, badiiy ijodni san’at
darajasida qadrlanganlari isbottalab voqelik emas.
Temuriy mirzolarning adabiy shaxsiyatlari yuqorida ta’kidlangan
manbalarda qay darajada zikr etilgan, ularga baho berishda mualliflarning
yondashuvi va tamoyillari qanday edi? Mana shu kabi savollarga
javob izlash ushbu maqolada maqsad qilib olingan. Maqolada temuriy
mirzolarning turkiy til va adabiyot rivojiga qo‘shgan hissalari Alisher
Navoiyning “Majolis-un-nafois” asaridan olingan parchalar yordamida
izohlangan. Shuningdek, mazkur manbalardagi Shohrux mirzo, Xalil Sulton,
Muhammad Mo‘min mirzo, Shoh G‘arib mirzo va Zahiriddin Muhammad
Bobur haqidagi qarashlar o‘zaro qiyoslanib, tavsifiy va tavsiliy tadqiq
etilgan.


Published

2021-10-28